Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida 34-modda. Profilaktika, tashxis qoʻyish, davolashning yangi usullarini, dori vositalari dezinfeksiya vositalarini qoʻllanish hamda biologik-tibbiy tadqiqotlar oʻtkazish tartibi

Sogʻliqni saqlash amaliyotida faqat qonunchilikda belgilangan tartibda qoʻllanishga ruxsat etilgan profilaktika, tashxis qoʻyish, davolash usullaridan, tibbiyot texnologiyalari, dori vositalari va dezinfeksiya vositalaridan foydalaniladi. Qoʻllanishga ruxsat etilmagan, lekin belgilangan tartibda koʻrib chiqilayotgan tashxis qoʻyish, davolash usullari va dori vositalaridan bemorni davolash manfaatini koʻzlab faqat uning ixtiyoriy ravishdagi yozma roziligi olinganidan keyin, oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxslarni davolashda esa faqat ularning hayoti bevosita xavf ostida qolgan taqdirda va qonuniy vakillarining yozma roziligi bilangina foydalanish mumkin. Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan tashxis qoʻyish, davolash usullari va dori vositalarini, dezinfeksiya vositalarini, shu jumladan chet elda foydalaniladiganlarini qoʻllanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi. Insonni obyekt sifatida jalb etib, biologik-tibbiy tadqiqot oʻtkazishga faqat laboratoriya tajribalari oʻtkazilganidan va fuqaroning yozma roziligi olinganidan keyingina davlat sogʻliqni saqlash tizimi muassasalarida yoʻl qoʻyiladi. Fuqaroni biologik-tibbiy tadqiqotlarda qatnashishga majburlash mumkin emas. Biologik-tibbiy tadqiqot oʻtkazishga fuqarodan rozilik olinayotganda unga tadqiqotning maqsadi, usullari, qoʻshimcha oqibatlari, ehtimol tutilgan xavfi, tadqiqotning qancha davom etishi va kutilayotgan natijalariga oid maʼlumotlar berilishi lozim. Fuqaro tadqiqotning istalgan bosqichida unda qatnashishdan bosh tortish huquqiga ega. Belgilangan tartibda tekshiruv sinovlaridan oʻtmagan profilaktika, tashxis qoʻyish, davolash usullari va dori vositalarini targʻib qilish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida targʻib qilish taqiqlanadi. Ushbu normani buzish qonunda belgilanganidek javobgarlikka tortishga sabab boʻladi.