Fuqarolarning kasallik, shikastlanganlik, homiladorlik, tuqqanlik, oilaning betob aʼzosini parvarishlaganlik, protez qoʻydirganlik, sanatoriy-kurortda davolanganlik munosabati bilan va boshqa hollardagi mehnatga vaqtincha layoqatsizligini ekspertizalash qonunchilikda belgilangan tartibda oʻtkaziladi. Mehnatga vaqtincha layoqatsizlikni ekspertizalash davlat sogʻliqni saqlash tizimining davolovchi shifokorlari tomonidan oʻtkaziladi va ular fuqarolarga mehnatga layoqatsizlik varaqasini beradi. Xususiy va boshqa xil sogʻliqni saqlash tizimlarida davolangan fuqarolarga mehnatga layoqatsizlik varaqalari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi belgilab qoʻyadigan tartibda beriladi. Mehnatga vaqtincha layoqatsizlik ekspertizalanganida xodimni sogʻligʻining holatiga qarab vaqtincha yoki doimiy ravishda boshqa ishga oʻtkazish zarurati va muddati aniqlanadi, shuningdek fuqaroni belgilangan tartibda, shu jumladan unda nogironlik belgilari mavjud boʻlgan taqdirda tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga yoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.