Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida 4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining fuqarolar sogʻligʻini saqlash sohasidagi vakolatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi: sogʻliqni saqlash sohasida inson huquqlari himoya qilinishini; fuqarolar sogʻligʻini saqlash sohasidagi davlat siyosatini; sogʻliqni saqlash va tibbiyot fanini rivojlantirish dasturlari tasdiqlanishi va mablagʻ bilan taʼminlanishini; sogʻliqni saqlash davlat tizimini boshqarishni; sanitariya-epidemiologiya xotirjamligini taʼminlash ustidan nazoratni; favqulodda vaziyatlarda odamlarning hayotini saqlab qolish va ularning sogʻligʻini muhofaza etish chora-tadbirlari koʻrilishini, fuqarolarni favqulodda vaziyat zonasidagi ahvol va koʻrilayotgan chora-tadbirlardan xabardor qilishni; fuqarolar sogʻligʻini saqlash sohasida statistika hisobi va hisobotning yagona tizimi oʻrnatilishini; Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy sugʻurtasining tayanch dasturlarini tasdiqlashni; fuqarolarning ayrim guruhlariga tibbiy yordam koʻrsatishda va ularni dori vositalari bilan taʼminlashda imtiyozlar belgilashni; respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning fuqarolar sogʻligʻini saqlash sohasidagi, oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasidagi faoliyatlarini muvofiqlashtirib borishni va nazorat qilib turishni; qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.