Fuqaroning tibbiy yordam soʻrab murojaat qilganligi, uning sogʻligʻining holati, kasalligiga qoʻyilgan tashxis xususidagi hamda uni tekshirish va davolash davomida olingan boshqa maʼlumotlar shifokor sirini tashkil etadi. Shifokor siri hisoblangan maʼlumotlardan oʻqish hamda kasb-korga, xizmatga doir va boshqa xil vazifalarni bajarish paytida xabardor boʻlib qolgan shaxslarning bu maʼlumotlarni fuqaro yoki uning qonuniy vakilining roziligisiz oshkor qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan hollar bundan mustasno. Shifokor siri hisoblangan maʼlumotlarni fuqaro yoki uning qonuniy vakilining roziligisiz berishga quyidagi sabablarga koʻra yoʻl qoʻyiladi: ahvoli ogʻirligi sababli oʻz xohish-irodasini bildira olmaydigan fuqaroni tekshirish va davolash maqsadida; yuqumli kasalliklar tarqalishi, yalpi zaharlanish va zararlanish xavfi tahdid solganida; tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlarning, surishtiruv, tergov organlarining, prokuraturaning va sudning ishni sudga qadar yuritish yoki sud tekshiruvi oʻtkazilishi munosabati bilan soʻrovi boʻyicha; Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining fuqaroning ijtimoiy xizmatlar va yordam koʻrsatishga muhtojligini aniqlashga qaratilgan soʻrovi boʻyicha; oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan voyaga yetmagan shaxsga yordam koʻrsatilayotganda uning ota-onasi yoki qonuniy vakillarini xabardor qilish uchun; fuqaroning sogʻligʻiga gʻayriqonuniy xatti-harakatlar yoki baxtsiz tasodif natijasida zarar yetkazilgan deb gumon qilishga asoslar mavjud boʻlganida. Shifokor siri hisoblangan maʼlumotlar qonunda belgilangan tartibda berilgan shaxslar shifokor sirini oshkor qilganlik uchun qonunga muvofiq tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan bab-baravar javobgar boʻladilar.