Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida 5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining vakolatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi: sogʻliqni saqlash va tibbiy sugʻurtaning normativ bazasini, tibbiy yordam sifati va hajmi milliy standartlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi; barcha tibbiy muassasalarning fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etishi ustidan nazoratni amalga oshiradi; fuqarolar sogʻligʻini saqlash sohasida maqsadli davlat dasturlarini amalga oshiradi; davlat tomonidan kafolatlangan hajm doirasida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatilishini tashkil etadi; tibbiyot va farmatsevtika faoliyatini litsenziyalashni (farmatsevtika faoliyatining yoʻnalishini — dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishni litsenziyalash bundan mustasno) belgilangan tartibda amalga oshiradi; davlat sogʻliqni saqlash tizimi muassasalarida tibbiy xizmatlar tariflari darajasini tartibga soladi; Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan dori vositalarini, tibbiy buyumlarni va tibbiy texnikani standartlashtirish hamda sertifikatlashtirishni amalga oshiradi; qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi oʻz vakolatlari doirasida davolash-profilaktika, sanitariya, epidemiyaga qarshi, radiatsiya, ekologiya masalalari yuzasidan chiqaradigan normativ-huquqiy hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari hamda jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.