Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tasarrufiga quyidagilar kiradi: sogʻliqni saqlash sohasida inson huquqlarini himoya qilish; fuqarolar sogʻligʻini saqlash sohasidagi qonunchilik bajarilishini taʼminlash; sogʻliqni saqlash tizimining boshqaruv organlarini shakllantirish, uning muassasalari tarmogʻini rivojlantirish; birlamchi tibbiy-sanitariya va tibbiy-ijtimoiy yordamni tashkil etish, ulardan hammaning bahramand boʻla olishini taʼminlash, tasarrufdagi hududda fuqarolarni dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash; sogʻliqni saqlash xarajatlarini moliyaviy taʼminlashning oʻz manbalarini shakllantirish; fuqarolarning sanitariya-epidemiologiya jihatidan xotirjamligini taʼminlash, profilaktika, sanitariya-gigiyena, epidemiyaga qarshi va tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirish; atrof muhitni muhofaza etish va ekologik xavfsizlikni taʼminlash; favqulodda vaziyatlarda odamlarning hayotini saqlab qolish va ularning sogʻligʻini muhofaza etish chora-tadbirlarini koʻrish, fuqarolarni favqulodda vaziyat zonasidagi ahvol va koʻrilayotgan chora-tadbirlardan xabardor qilish; sogʻliqni saqlash tizimi organlari, muassasalari va korxonalari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish, sogʻliqni saqlash muassasalarida koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy yordam sifatini nazorat qilib borish; nogironligi boʻlgan shaxslarning va tibbiy-ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning kuch-quvvatini tiklaydigan muassasalar tashkil etish va ular faoliyatini taʼminlash; oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish; fuqarolarga sanitariya-gigiyena va ekologiya taʼlimi berishni tashkil etish; sogʻliqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlarini rivojlantirishni ragʻbatlantiruvchi sharoitlar yaratish; qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.