Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida 10-modda. Yoshidan qatʼi nazar imtiyozli pensiya olish huquqi

Yoshidan qatʼi nazar, quyidagilar imtiyozli pensiya olish huquqiga ega boʻladilar: a) kon sanoatidagi yetakchi kasb egalari boʻlgan xodimlar — basharti, ular ana shu ishlarda kamida 20 yil ishlagan boʻlsalar (1-sonli roʻyxat, I qism); b) bevosita yerosti va ochiq kon ishlarida (shu jumladan, kon-qutqaruv qismlarining shaxsiy tarkibi) koʻmir, maʼdanlar va boshqa foydali qazilmalarni qazib olishda, shaxtalar va konlar qurilishida toʻliq ish kuni davomida band boʻlgan xodimlar — basharti, ular ana shu ishlarda kamida 25 yil ishlagan boʻlsalar (1-sonli roʻyxat, II qism); v) uchuvchilar va uchuvchi-sinovchilar tarkibiga kiruvchi xodimlar, ular xizmat qilgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar, belgilangan xizmat muddatini ana shu lavozimlarda erkaklar kamida 25 yil va ayollar kamida 20 yil ado etganlari taqdirda (1-sonli roʻyxat, III qism). Yuqorida qayd etib oʻtilgan xodimlar salomatligiga (kasalligiga) koʻra uchish ishlaridan boʻshatilgan taqdirda, belgilangan xizmat muddatini — erkaklar kamida 20 yil va ayollar kamida 15 yil ado etgan boʻlsalar; g) teatrlar va boshqa teatr-tomosha korxonalari artistlarining ayrim toifalari: ijodiy ish staji kamida 20 yil boʻlganda (1-sonli roʻyxat, IV qism); ijodiy ish staji kamida 25 yil boʻlganda (1-sonli roʻyxat, V qism); ijodiy ish staji kamida 30 yil boʻlganda (1-sonli roʻyxat,VI qism); d) sportchilarning ayrim toifalari — ish staji kamida 20 yil boʻlganda (1-sonli roʻyxat, VII qism).