Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida 21-modda. Boquvchining pensiya olish huquqini beruvchi ish staji

Mehnatda mayiblanganlik yoki kasb kasalligiga chalinganlik oqibatida vafot etgan boquvchining oilasiga, shuningdek marhum pensionerning oilasiga pensiya boquvchining ish stajidan qatʼi nazar tayinlanadi. Basharti, boquvchi vafot etgan kunga qadar unga nogironlik pensiyasi tayinlanishi uchun zarur ish stajiga ega boʻlgan ( 17-modda ) boʻlsa, umumiy kasallik yoki ish bilan bogʻliq boʻlmagan mayiblanish oqibatida vafot etgan boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi tayinlanadi. Boshqa mamlakatlardan koʻchib kelgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining oilalariga, basharti, boquvchi Oʻzbekiston Respublikasida ishlamagan boʻlsa, pensiyalar quyidagi hollarda tayinlanadi: a) boshqa mamlakatlarda boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini olgan oilalarga — boquvchisining ish stajidan qatʼi nazar; b) pensiya olmagan oilalarga — basharti, boquvchi ishlash toʻxtatilgan kunga qadar tegishli stajga ega boʻlgan ( 17-modda ) boʻlsa, mehnatda mayiblanganlik yoki kasb kasalligiga chalinganlik oqibatida vafot etgan taqdirda esa — boquvchining ish stajidan qatʼi nazar.