Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida 32-modda. Pensiyalarni hisoblab chiqarishda eʼtiborga olinadigan ish haqi turlari

Pensiyani hisoblab chiqarish uchun ish haqiga, shuningdek ish haqining natural qismiga: 2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — qonunchilikka muvofiq sugʻurta badallari hisoblanadigan mehnatga haq toʻlash tarzidagi barcha daromadlar; 2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun — qonunchilikka muvofiq hisoblangan mehnatga haq toʻlash tarzidagi barcha daromadlar qoʻshiladi. Davlat ijtimoiy sugʻurtasiga taalluqli boʻlmagan shaxslarga pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan ish haqiga mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlarga oʻxshash pul taʼminotining barcha turlari qonunchilikka muvofiq qoʻshiladi. Oʻqish davrida toʻlangan stipendiya pensiya soʻrab murojaat etuvchining xohishiga koʻra ish haqiga tenglashtiriladi. Ish vaqtini hisobga olib boʻlmaydigan xodimlarning (yakka tartibdagi tadbirkor va u tomonidan yollangan xodimning, dehqon xoʻjaligi va oilaviy tadbirkorlik subyekti aʼzosining) pensiyasini hisoblab chiqarish uchun olinadigan ish haqining miqdori: 2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga (bundan buyon matnda Pensiya jamgʻarmasi deb yuritiladi) toʻlangan sugʻurta badallarining miqdoridan; 2019-yil 1-yanvardan 2019-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davr uchun — toʻlangan yagona ijtimoiy toʻlov miqdoridan; 2020-yil 1-yanvardan — toʻlangan ijtimoiy soliq miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.