Pensiyalardan chegirmalar: a) sudning hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari va hukmlari (mulkiy undirishlar borasida), notarial idoralarning ijro varaqalari hamda Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq ijrosi sud hal qiluv qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladigan boshqa hal qiluv qarorlari va qarorlar asosida; b) Pensiya jamgʻarmasi tuman (shahar) boʻlimining qaroriga binoan — pensionerga uning tomonidan qilingan suiisteʼmolliklar oqibatida (qasddan notoʻgʻri hujjatlarni taqdim etish, boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi tayinlangan oila aʼzolari tarkibidagi oʻzgarishlar haqida maʼlumotlar taqdim etmaslik natijasida) yoxud hisoblashdagi yoki boshqa texnik xato oqibatida pensiya miqdoridan ortiqcha pullar toʻlangan taqdirda qilinishi mumkin. Tekshirish (oʻrganish) oʻtkazish boshlangan sanadan avvalgi uch yil va undan ortiq davrda tayinlangan va (yoki) qoʻshimcha taqdim etilgan hujjatlarga binoan qayta hisoblangan pensiyalarning tekshirilishiga (oʻrganilishiga) hamda ular boʻyicha toʻlangan ortiqcha summalarning ushlab qolinishiga (undirilishiga) yoʻl qoʻyilmaydi. Pensioner Pensiya jamgʻarmasi tuman (shahar) boʻlimining pensiyadan ortiqcha toʻlangan summalarni ushlab qolish toʻgʻrisidagi qaroridan norozi boʻlgan taqdirda, aniqlangan qarzdorlik sud tartibida undiriladi. Pensiyalardan yuqorida koʻrsatib oʻtilganidan tashqari boshqa hech qanday chegirmalar qilish mumkin emas. Pensiyadan chegirmalar qilish miqdori pensionerga toʻlanishi lozim boʻlgan puldan hisoblab chiqariladi. Har oylik chegirmalar miqdori pensiyaning 50 foizidan oshishi mumkin emas. Ortiqcha toʻlangan pensiya puli boʻyicha qarzdorlik toʻliq uzilgunga qadar pensiya toʻlash toʻxtatilgan hollarda (masalan, mehnat qobiliyati tiklanganligi tufayli) qolgan qarz sud tartibida undiriladi.