Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarishi Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida amalga oshiriladi. Shaharchalar, qishloqlar, ovullar va mahallalar fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarishining hududiy birliklaridir. Shaharchalar, qishloqlar, ovullarni tuzish, tugatish, shuningdek ularning chegaralarini oʻzgartirish, ularga nom berish va ularning nomini oʻzgartirish fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarishining tegishli organlari fikrini hisobga olgan holda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Mahallani tuzish, qoʻshib yuborish, boʻlish va tugatish, shuningdek uning chegaralarini belgilash va oʻzgartirish fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining tashabbusiga koʻra mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.