Agar garovga qoʻyuvchining garov narsasi boʻlgan mol-mulkka mulk huquqi qonun bilan belgilangan asoslar va tartibda, jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilganligi (qayta sotib olish), rekvizitsiya yoki natsionalizatsiya oqibatida bekor boʻlsa, garovga qoʻyuvchiga boshqa mol-mulk beriladi yoki tegishli haq (kompensatsiya) toʻlanadi. Bunday holda oʻrniga-oʻrin berilgan mol-mulkka garov huquqi tatbiq etiladi yoki tegishincha, garovga oluvchi garovga qoʻyuvchiga tegishi kerak boʻlgan haq summasidan (kompensatsiyadan) oʻz talabini imtiyozli qanoatlantirish huquqiga ega boʻladi. Garov narsasi boʻlgan mol-mulk aslida ushbu mol-mulkning egasi boshqa shaxs ekanligi (ushbu Kodeksning 228-moddasi ) asosida garovga qoʻyuvchidan qonunda belgilangan tartibda olib qoʻyilgan hollarda ushbu mol-mulkning garovga qoʻyilishi bekor boʻladi. Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda garovga oluvchi garov bilan taʼminlangan majburiyatni muddatidan ilgari bajarishni talab qilishga haqli. Garov narsasi boʻlgan mol-mulk garovga qoʻyuvchidan jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etganlik uchun qonunda belgilangan tartibda olib qoʻyilganda, garovga oluvchida oʻz talablarini ushbu mol-mulk hisobidan ustuvor tarzda qanoatlantirish huquqi saqlab qolinadi.