Sotuvchining tovarni sotib oluvchiga topshirish majburiyatini bajarish muddati oldi-sotdi shartnomasida belgilanadi, agar shartnoma bu muddatni aniqlash imkonini bermasa, u ushbu Kodeksning 242-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq aniqlanadi. Belgilangan muddat buzilgan taqdirda sotib oluvchida shartnomaning bajarilishiga qiziqish yoʻqolishi shartnomadan aniq bilinib tursa, oldi-sotdi shartnomasi uni qatʼiy belgilangan muddatda bajarish sharti bilan tuzilgan hisoblanadi. Sotuvchi bunday shartnomani unda belgilangan muddatdan oldin yoki bu muddat tugagandan soʻng sotib oluvchining roziligisiz bajarishga haqli emas.