Fuqarolik kodeksi (ikkinchi qism) 403-modda. Tovar sifatining kafolati

Sotuvchi sotib oluvchiga topshirishi lozim boʻlgan tovar uni sotib oluvchiga topshirish paytida ushbu Kodeksning 402-moddasida nazarda tutilgan talablarga, agar tovarning ushbu talablarga muvofiqligini aniqlashning boshqa payti oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan boʻlmasa, javob berishi va oqilona muddat davomida belgilangan maqsadlar uchun yaroqli boʻlishi kerak. Oldi-sotdi shartnomasida sotuvchining tovar sifatiga kafolat berishi nazarda tutilgan taqdirda, sotuvchi sotib oluvchiga shartnomada belgilangan muayyan vaqtda (kafolat muddatida) ushbu Kodeksning 402-moddasida nazarda tutilgan talablarga javob beradigan tovarni topshirishi lozim. Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tovar sifatining kafolati barcha butlovchi buyumlarga ham tegishli boʻladi.