Transport vositasini ekipaji bilan ijaraga berish shartnomasi boʻyicha ijaraga beruvchi transport vositasini vaqtincha egalik qilish va foydalanish uchun haq evaziga ijaraga oluvchiga beradi va oʻz kuchi bilan uni boshqarish hamda texnik foydalanish boʻyicha xizmat koʻrsatadi. Transport vositasini ekipajsiz ijaraga berish shartnomasi boʻyicha ijaraga beruvchi transport vositasini boshqarish va texnik foydalanish boʻyicha xizmat koʻrsatmagan holda vaqtincha egalik qilish va foydalanish uchun ijaraga oluvchiga haq evaziga beradi. Ushbu bobning ijara shartnomasini nomuayyan muddatga qayta tuzish va ijaraga oluvchining ijara shartnomasini yangi muddatga qaytadan tuzishga imtiyozli huquqi haqidagi qoidalari transport vositasini ijaraga berish shartnomasiga nisbatan qoʻllanmaydi.