Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasiga binoan ijaraga oluvchi ijaraga beruvchining roziligi bilan oʻzi ijaraga olgan binoning bir qismini yoki hammasini muayyan muddatga ikkilamchi ijaraga oluvchiga beradi. Ikkilamchi ijaraga oluvchi uy-joydan mustaqil foydalanish huquqiga ega boʻlmaydi. Uy-joyni ijaraga berish shartnomasiga binoan ijaraga oluvchi ijaraga beruvchi oldida javobgar boʻlib qolaveradi. Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasi qonunchilikning jon boshiga toʻgʻri keladigan uy-joy maydoni normasi haqidagi talablariga rioya etilgan taqdirdagina tuzilishi mumkin. Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasi haq evaziga amalga oshiriladi. Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasining muddati uy-joyni ijaraga berish shartnomasining muddatidan koʻp boʻlishi mumkin emas. Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda bir vaqtning oʻzida uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasi ham bekor qilinadi. Yangi muddatga shartnoma tuzishga boʻlgan imtiyozli huquq toʻgʻrisidagi qoida uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasiga nisbatan tatbiq etilmaydi.