Ssuda beruvchi quyidagi hollarda shartnomani muddatidan oldin bekor qilishni talab qilishga haqli, agar ssuda oluvchi: ashyodan shartnomaga yoki ashyoning vazifasiga muvofiq foydalanmasa; ashyoni soz holatda saqlash yoki uni asrash majburiyatlarini bajarmasa; ashyoning holatini ancha yomonlashtirsa; ssuda beruvchining roziligisiz ashyoni uchinchi shaxsga bergan boʻlsa. Ssuda oluvchi quyidagi hollarda tekin foydalanish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishni talab qilishga haqli: ashyodan normal foydalanishni mumkin boʻlmaydigan yoki qiyin qilib qoʻyadigan nuqsonlarni aniqlagan boʻlsa, bu nuqsonlar xususida shartnoma tuzish paytida bilmagan va bilishi mumkin boʻlmagan taqdirda; agar oʻzi javobgar boʻlmagan holatlarga koʻra ashyo undan foydalanish mumkin boʻlmaydigan holatga kelib qolsa; agar shartnoma tuzishda ssuda beruvchi uni topshirilayotgan ashyoga nisbatan uchinchi shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida ogohlantirmagan boʻlsa; ssuda beruvchi ashyoni yoki unga mansub ashyolarni va tegishli hujjatlarni berish majburiyatini bajarmasa.