Fuqarolik kodeksi (ikkinchi qism) 720-modda. Yoʻlovchini joʻnatib yuborish kechiktirilgani uchun tashuvchining javobgarligi

Yoʻlovchi tashish uchun transport vositasini kechiktirib joʻnatganlik yoki bunday transport vositasi manzilga kechikib kelganligi uchun, shahar va shahar atrofi yoʻnalishlarida tashish bundan mustasno, tashuvchi, agar kechikish yengib boʻlmas kuch yoxud tashuvchiga bogʻliq boʻlmagan boshqa holatlar tufayli yuz berganini isbot qilib bermasa, yoʻlovchiga jarima tariqasida neustoyka toʻlaydi. Jarima miqdori va uni toʻlash tartibi transport ustavlari va kodekslari bilan belgilanadi. Yoʻlovchiga jarima toʻlash tashuvchini transport vositasini joʻnatish kechikkanligi yoki manzilga kechikib yetib kelganligi sababli yoʻlovchi koʻrgan zararni unga toʻlash majburiyatidan ozod qilmaydi. Transport vositalarini joʻnatish kechikkanligi sababli yoʻlovchi ularda joʻnashdan bosh tortgan taqdirda, tashuvchi yoʻlovchiga kira haqini va u qilgan boshqa xarajatlarni qaytarishi shart.