Ishonchli boshqarish obyektlari korxonalar va boshqa mol-mulk komplekslari, koʻchmas mulkka mansub boʻlgan alohida obyektlar, qimmatli qogʻozlar, alohida huquqlar va boshqa mol-mulkdan iborat boʻlishi mumkin. Qonunda koʻzda tutilgan hollarni istisno etganda, pul ishonchli boshqarishning mustaqil obyekti boʻla olmaydi. Operativ boshqaruvda boʻlgan mol-mulk ishonchli boshqaruvga topshirilishi mumkin emas. Operativ boshqaruvda boʻlgan mol-mulk uni operativ boshqaruvda saqlab turgan yuridik shaxs tugatilganidan yoki mol-mulkka nisbatan operativ boshqaruv huquqi bekor qilinganidan hamda u qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra mulkdorning egaligiga oʻtganidan keyingina ishonchli boshqaruvga topshirilishi mumkin.