Fuqarolik protsessual kodeksi 106-modda. Daʼvoni taʼminlash choralari

Quyidagilar daʼvoni taʼminlash choralari boʻlishi mumkin: 1) javobgarga tegishli boʻlgan va uning oʻzida yoki boshqa shaxsda turgan mol-mulkni yoxud pul mablagʻlarini xatlash; 2) javobgar muayyan harakatlarni amalga oshirishini taqiqlash; 3) boshqa shaxslarning javobgarga mol-mulk berishini yoki unga nisbatan boshqa majburiyatlarni bajarishini taqiqlash; 4) mol-mulkni xatlashdan chiqarish toʻgʻrisida daʼvo arz qilingan taqdirda, uni realizatsiya qilishni toʻxtatish; 5) qarzdor ijro hujjati yuzasidan sud tartibida nizolashayotgan boʻlsa va agar bunday nizolashishga qonunchilikda yoʻl qoʻyilsa, bu hujjat boʻyicha undiruvni toʻxtatish; 6) nizoli mol-mulk buzilishi, holati yomonlashishining oldini olish maqsadida javobgarga muayyan harakatlarni amalga oshirish majburiyatini yuklatish; 7) nizoli mol-mulkni saqlash uchun uchinchi shaxsga (saqlovchiga) topshirish. Zarur hollarda, sud (sudya) daʼvoni taʼminlash boʻyicha boshqa choralar ham koʻrishi mumkin. Daʼvoning ish haqini, daromadni, pensiya va stipendiyani xatlash yoʻli bilan taʼminlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan aliment undirish toʻgʻrisidagi, mayib boʻlganlik yoki sogʻliqqa boshqacha tarzda shikast yetkazganlik, shuningdek boquvchisining oʻlimi oqibatida koʻrilgan zararning oʻrnini qoplash haqidagi, oʻzgalar mol-mulkini talon-toroj qilganlik natijasida koʻrilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar mustasno. Daʼvoni taʼminlash choralari daʼvogar arz qilgan talabga mutanosib boʻlishi kerak. Zarur hollarda, sud daʼvoni taʼminlash chorasining bir nechta turini qoʻllashi mumkin, lekin ularning umumiy summasi daʼvoning bahosidan oshib ketmasligi kerak.