Sud quyidagi hollarda ish yuritishni toʻxtatib turishi shart: 1) ishda taraf boʻlgan fuqaro vafot etganda, agar nizoli huquqiy munosabat huquqiy vorislikka yoʻl qoʻysa yoki ishda taraf boʻlgan yuridik shaxs qayta tashkil etilganda; 2) fuqaro (taraf) muomala layoqatini yoʻqotganda; 3) javobgar — fuqaro Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harakatdagi qismida boʻlganda yoki Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harakatdagi qismidagi daʼvogar — fuqaro tegishli iltimosnoma bilan murojaat qilganda; 4) mazkur ishni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, fuqarolik ishlari boʻyicha sud, jinoyat ishlari boʻyicha sud, maʼmuriy sud yoki iqtisodiy sud tomonidan koʻrilayotgan boshqa ish yoki masala yuzasidan, shuningdek tergov olib borilayotgan ish yuzasidan qaror qabul qilguniga qadar koʻrish imkoni boʻlmaganda; 5) taraf chet davlat sudining yoki chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisida yoki uning ijrosini toʻxtatib turish haqida chet davlatning vakolatli organiga iltimosnoma berganda; 6) mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisida kelishuv tuzilganda.