Fuqarolik protsessual kodeksi 141-modda. Davlatga sud xarajatlarining oʻrnini qoplash

Ishni koʻrish bilan bogʻliq boʻlgan va daʼvogar toʻlashdan ozod qilingan sud chiqimlari hamda davlat boji javobgardan arz qilingan talablarning qanoatlantirilgan qismiga mutanosib ravishda davlat daromadiga undiriladi. Arz qilingan talablarni qanoatlantirish rad etilgan taqdirda sudning ishni koʻrish bilan bogʻliq chiqimlari daʼvogardan davlat daromadiga undiriladi. Agar arz qilingan talablar qisman qanoatlantirilgan, javobgar esa sud xarajatlarini toʻlashdan ozod qilingan boʻlsa, sudning ishni koʻrish bilan bogʻliq chiqimlari sud xarajatlarini toʻlashdan ozod qilinmagan daʼvogardan talablarining rad etilgan qismiga mutanosib ravishda davlat daromadiga undiriladi. Agar har ikki taraf ham sud xarajatlarini toʻlashdan ozod qilingan boʻlsa, sudning ishni koʻrish bilan bogʻliq chiqimlari davlat hisobiga oʻtkaziladi. Javobgarni qidirish ushbu Kodeksning 165-moddasida nazarda tutilgan tartibda eʼlon qilingan taqdirda, sud qidiruv ishi boʻyicha qilingan xarajatlarni javobgardan davlat daromadiga undiradi.