Agar ushbu Kodeksning 313-moddasiga muvofiq sud muhokamasida ishtirok etishi shart boʻlgan yoki sudga kelishi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda sud tomonidan shart deb topilgan, tegishli tarzda xabardor qilingan shaxs sudga uzrsiz sabablarga koʻra kelmasa yoxud kelmaganligi sabablarini maʼlum qilmasa, sud tomonidan unga nisbatan majburiy keltirish toʻgʻrisida ajrim chiqarilishi mumkin. Mazkur ajrimning ijrosi hududiy ichki ishlar organining zimmasiga yuklatiladi. Majburiy keltirish bilan bogʻliq xarajatlarni undirish ushbu Kodeksda belgilangan tartibda hududiy ichki ishlar organining tegishli arizasiga asosan amalga oshiriladi. Majburiy keltirish voyaga yetmaganlarga, homilador ayollarga, kasalligi, yoshi yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra sud majlisiga kela olmaydigan shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi. Majburiy keltirish toʻgʻrisidagi sud ajrimida ushbu Kodeksning 272-moddasida nazarda tutilgan maʼlumotlardan tashqari shaxs majburiy keltirilishi lozim boʻlgan sana, vaqt va joy, shuningdek majburiy keltirish qaysi hududiy ichki ishlar organiga topshirilganligi koʻrsatiladi. Majburiy keltirish toʻgʻrisidagi sud ajrimi darhol ijro etilishi lozim va ish yuritiladigan joydagi yoki majburiy keltirilishi kerak boʻlgan shaxsning yashash joyi, turgan joyi (joylashgan yeri), ish, xizmat yoxud oʻqish joyidagi hududiy ichki ishlar organiga ijro uchun yuboriladi. Majburiy keltirish toʻgʻrisidagi sud ajrimi ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) uning ijrosini toʻxtatmaydi.