Fuqarolik protsessual kodeksi 145-modda. Ogohlantirish va sud majlisi zalidan chiqarib yuborish

Ishni muhokama qilish vaqtida tartibni buzgan shaxsni raislik qiluvchi sud nomidan ogohlantiradi. Sud majlisida taraf yoki uchinchi shaxs tartibni buzgan taqdirda, sud tartibbuzarni ishni koʻrishning hamma vaqtiga yoxud uning bir qismiga majlis zalidan chiqarib yuboradi. Vaqtincha chiqarib yuborilgan shaxs sud majlisi zaliga qaytadan qoʻyilganda raislik qiluvchi uni zalda yoʻq boʻlganda amalga oshirilgan protsessual harakatlar bilan tanishtiradi. Sud majlisida har ikki taraf yoki uchinchi shaxslar tartibni buzgan taqdirda, sud ishning muhokamasini keyinga qoldirishi mumkin. Ishda ishtirok etayotgan shaxslar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar tartibni takroran buzgan taqdirda sudning ajrimiga binoan, ishni koʻrishda hozir boʻlgan fuqarolar esa raislik qiluvchining farmoyishi bilan sud majlisi zalidan chiqarib yuborilishi mumkin. Fuqarolar ommaviy tarzda tartibni buzgan taqdirda sud ish muhokamasini keyinga qoldirishi mumkin. Prokuror yoki advokat raislik qiluvchining farmoyishlariga boʻysunmagan taqdirda, ular ogohlantiriladi. Mazkur shaxslar raislik qiluvchining farmoyishlariga yana boʻysunmasa, agar ularni ishga zarar yetkazmagan holda boshqa shaxs bilan almashtirishning imkoni boʻlmasa, ishni koʻrish sudning ajrimiga binoan keyinga qoldirilishi mumkin. Sud bir vaqtning oʻzida xususiy ajrim chiqaradi, ushbu ajrim tegishincha yuqori turuvchi prokurorga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi huzuridagi malaka komissiyasiga yuboriladi.