Fuqarolik protsessual kodeksi 160-modda. Sudning chaqiruv qogʻozini yoki boshqa xabarnomani topshirish

Fuqaroga sudning chaqiruv qogʻozi yoki boshqa xabarnoma sudga qaytarilishi lozim boʻlgan ikkinchi nusxasiga u topshirilgan vaqtini koʻrsatgan holda tilxat olib shaxsan topshiriladi. Tashkilot nomiga yoʻllangan sudning chaqiruv qogʻozi yoki boshqa xabarnoma tegishli mansabdor shaxsga topshiriladi, u hujjatning ikkinchi nusxasiga imzo qoʻyadi. Agar sudning chaqiruv qogʻozini yoki boshqa xabarnomani keltirgan shaxs ish boʻyicha sudga chaqirilayotgan fuqaroni yashash yoki ish yoxud oʻqish joyida topmasa, sudning chaqiruv qogʻozi yoki boshqa xabarnoma ushbu fuqaro bilan birga yashaydigan katta yoshdagi oila aʼzolarining biriga, boʻlmagan taqdirda esa, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga yoki ish beruvchiga (maʼmuriyatning mansabdor shaxsiga) yoxud oʻquv muassasasiga topshiriladi. Bunday hollarda sudning chaqiruv qogʻozini yoki boshqa xabarnomani qabul qilib olgan shaxs uning ikkinchi nusxasida oʻzining familiyasi, ismi, otasining ismini, shuningdek sudning chaqiruv qogʻozi yoki boshqa xabarnoma yuborilgan shaxsning kimi ekanligini (eri yoki xotini, otasi, onasi, oʻgʻli, qizi va hokazo) yoki egallab turgan lavozimini koʻrsatishi shart. Sudning chaqiruv qogʻozini yoki boshqa xabarnomani qabul qilib olgan shaxs uni imkoniyat boʻlishi bilan chaqiriluvchiga darhol topshirishi shart. Chaqiriluvchi vaqtincha biror joyga ketgan boʻlsa, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi yoki ish beruvchi (maʼmuriyatning mansabdor shaxsi) yoxud oʻquv muassasasi sud chaqiruv qogʻozining yoki boshqa xabarnomaning ikkinchi nusxasiga chaqiriluvchi qayerga ketganligi va qachon kelishi kutilayotganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qayd etadi, bu maʼlumotlar tegishincha imzo va muhr bilan tasdiqlanadi hamda guvohlantiriladi.