Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ish yuritish vaqtida familiyasini, ismini, otasining ismini oʻzgartirganligi, manzili oʻzgarganligi haqida sudga xabar qilishi shart. Bunday xabar mavjud boʻlmagan taqdirda, sudning chaqiruv qogʻozi yoki boshqa xabarnoma sudga maʼlum boʻlgan oxirgi manzil boʻyicha yuboriladi va, garchi chaqiriluvchi bu manzilda ortiq yashamasa yoki boʻlmasa ham, u yetkazib berilgan deb hisoblanadi. Agar ishda ishtirok etuvchi shaxslar telefonlari va fakslari raqamlarini, elektron pochta manzilini sudga maʼlum qilgan boʻlsa, ish yuritilayotgan vaqtda ularning oʻzgarganligi toʻgʻrisida sudni xabardor qilishi kerak.