Sud taraflarni yarashtirish uchun choralar koʻradi, ularga fuqarolik sud ishlarini yuritishning barcha bosqichlarida nizoni hal etishga koʻmaklashadi. Taraflar kelishuv bitimini yoki mediativ kelishuvni tuzib, nizoni oʻzaro talablarning toʻliq hajmida yoki qisman hal etishi mumkin. Kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv daʼvo tartibida yuritiladigan har qanday ish boʻyicha tuzilishi mumkin. Kelishuv bitimi fuqarolik sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida va sud hujjatini ijro etish jarayonida, mediativ kelishuv esa birinchi instansiya sudida sud alohida xonaga (maslahatxonaga) sud hujjatini qabul qilish uchun chiqquniga qadar taraflar tomonidan tuzilishi mumkin. Kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv yozma shaklda tuziladi va kelishuv bitimini, mediativ kelishuvni tuzgan shaxslar yoki ularning vakillari tomonidan imzolanadi. Kelishuv bitimi sud tomonidan tasdiqlanganidan keyin tuzilgan hisoblanadi.