Sud buyrugʻi quyidagi hollarda beriladi, agar: 1) talab notarial tasdiqlangan bitimga asoslangan boʻlsa; 2) talab yozma bitimga asoslangan va qarzdor tomonidan tan olingan boʻlsa; 3) kommunal xizmatlar yoki aloqa xizmatlari toʻlovi boʻyicha qarzdorlikni tasdiqlovchi hujjatlarga asoslangan undirish toʻgʻrisida talab arz qilingan boʻlsa; 4) voyaga yetmagan bolalar uchun alimentlar undirish toʻgʻrisidagi, otalikni belgilash bilan yoki uchinchi shaxslarni jalb etish zarurati bilan bogʻliq boʻlmagan talab arz qilingan boʻlsa; 5) hisoblangan, lekin xodimga toʻlanmagan ish haqini va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni undirish haqida talab arz qilingan boʻlsa; 6) fuqarolardan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida talab arz qilingan boʻlsa; 7) ijara shartnomasida belgilangan ijara toʻlovlari muddatida toʻlanmaganligi sababli ushbu toʻlovlarni undirish toʻgʻrisida talab arz qilingan boʻlsa; 8) koʻp kvartirali uyning joylari mulkdorlaridan majburiy badallar va toʻlovlarni undirish toʻgʻrisida talab arz qilingan boʻlsa; 9) yozma bitim mavjud boʻlgan taqdirda, undiruvni qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti boʻlgan koʻchar mol-mulkka qaratish toʻgʻrisida talab arz qilingan boʻlsa.