Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza sudga ushbu Kodeksning 5-bobida belgilangan sudlovga tegishlilikning umumiy qoidalari boʻyicha beriladi. Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron hujjat tarzida beriladi. Arizada quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) ariza berilayotgan sudning nomi; 2) undiruvchining familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi), uning yashash joyi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) hamda yuridik shaxsning rekvizitlari; 3) qarzdorning familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi), uning yashash joyi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) hamda yuridik shaxsning rekvizitlari; 4) undiruvchining talabi va talabga asos boʻlgan holatlar; 5) undirilayotgan qarzdorlik vujudga kelgan davr; 5¹ ) toʻlanmagan toʻlovlar summasining hisob-kitobi va undiruv qaratilayotgan, qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti sifatida turgan koʻchar mol-mulkning tavsifi; 6) arz qilingan talabni tasdiqlovchi, ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati. Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizada undiruvchi yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron pochta manzili koʻrsatilishi mumkin. Koʻchar mol-mulk talab qilingan taqdirda, arizada ushbu mol-mulkning qiymati koʻrsatilishi lozim. Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza undiruvchi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan berilayotgan arizaga uning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinishi kerak.