Ishlar sud muhokamasiga tayyorlab boʻlingan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay sud tomonidan koʻriladi va hal qilinadi. Bu muddat oʻta murakkab ishlar boʻyicha sudyaning asoslantirilgan ajrimiga koʻra ikki oygacha uzaytirilishi mumkin, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan ishlar mustasno. Aliment undirish haqidagi, mayib boʻlganlik yoki sogʻliqqa boshqacha tarzda shikast yetkazilganligi, shuningdek boquvchisining vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi ishlar hamda mehnatga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan talablar boʻyicha ishlar sud muhokamasiga tayyorlab boʻlingan kundan eʼtiboran yigirma kundan kechiktirmay birinchi instansiya sudi tomonidan koʻrilishi kerak. Qarshi daʼvo berilgan ish boʻyicha ishni koʻrish va hal qilish muddatining oʻtishi asosiy daʼvo boʻyicha ish sud muhokamasiga tayyorlab boʻlingan kundan eʼtiboran hisoblanadi. Asosiy ishdan ajratilgan ishni, shuningdek birgalikda koʻrish uchun bitta ish yuritishga birlashtirilgan ishlarni koʻrish va hal qilish muddatining oʻtishi ushbu Kodeksning 197 va 198-moddalariga muvofiq hisoblanadi. Ushbu Kodeksda belgilangan tartibda sud ajrimi ustidan shikoyat qilingan (protest keltirilgan) taqdirda, ishni koʻrish va hal etish muddatining oʻtishi ish yuqori instansiya sudiga yuborilgan paytdan eʼtiboran to u birinchi instansiya sudining ish yurituviga kelib tushguniga qadar toʻxtatiladi.