Fuqarolik protsessual kodeksi 220-modda. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning sud majlisiga kelmaganligi oqibatlari

Ishda ishtirok etuvchi shaxslardan birortasi sud majlisiga kelmagan taqdirda, ularga sudning chaqiruv qogʻozi yoki boshqa xabarnomalar topshirilganligi (yetkazib berilganligi) toʻgʻrisidagi maʼlumot mavjud boʻlmasa, sud ish muhokamasini keyinga qoldiradi. Agar ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilingan boʻlib, sud uzrli deb topgan sabablarga koʻra kelmagan boʻlsa, sud ish muhokamasini keyinga qoldiradi. Taraflar kelmaslik sabablari toʻgʻrisida sudni xabardor qilishi va bu sabablarning uzrliligiga dalillar taqdim etishi shart. Agar javobgarning kelmaganligi sabablari toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud boʻlmasa yoki sud kelmaganlik sabablarini uzrsiz deb topsa yoxud javobgar ish yuritilishini qasddan choʻzayotgan boʻlsa, sud ishni koʻrishga haqli. Taraflar ishni oʻzining ishtirokisiz koʻrishni va oʻzlariga sud hal qiluv qarorining koʻchirma nusxasini yuborishni iltimos qilishga haqli. Agar ishning holatlari boʻyicha zarur boʻlsa, sud taraflarning sud majlisida ishtirok etishini shart deb topishi mumkin. Sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilingan ishda ishtirok etuvchi shaxs vakilining kelmaganligi ishni koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilmaydi. Prokuror yoki advokatning uzrsiz sabablar bilan kelmaganligi toʻgʻrisida sud xususiy ajrim chiqaradi, bu haqda tegishincha yuqori turuvchi prokurorga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi huzuridagi malaka komissiyasiga maʼlum qiladi.