Daʼvogarning arz qilgan talablaridan voz kechganligi, javobgarning daʼvogar talablarini tan olganligi yoki taraflarning kelishuv bitimi shartlari sud nomiga yoʻllangan, ishga qoʻshib qoʻyiladigan yozma arizalarida ifoda etilgan boʻlishi lozim boʻlib, bu haqda sud majlisi bayonnomasida koʻrsatiladi. Mediativ kelishuv sudga alohida hujjat tarzida taqdim etiladi va ishga qoʻshib qoʻyiladi, bu haqda sud majlisining bayonnomasida koʻrsatiladi. Daʼvogarning arz qilgan talablaridan voz kechganligini qabul qilishdan yoki taraflarning kelishuv bitimini tasdiqlashdan oldin sud daʼvogarga yoki taraflarga tegishli protsessual harakatlarni amalga oshirish oqibatlarini tushuntiradi. Daʼvogarning arz qilgan talablaridan voz kechganligini qabul qilish toʻgʻrisida yoki taraflarning kelishuv bitimini tasdiqlash haqida sud ajrim chiqaradi, bir vaqtning oʻzida ushbu ajrim bilan ish yuritishni tugatadi. Arz qilingan talablar javobgar tomonidan tan olingan va bu sud tomonidan qabul qilingan taqdirda, ularni qanoatlantirish toʻgʻrisida hal qiluv qarori chiqariladi. Sud tomonidan javobgarning arz qilingan talablarni tan olishi qabul qilinmagan yoki taraflarning kelishuv bitimini tasdiqlash rad qilingan taqdirda, sud bu haqda ajrim chiqaradi va ishni mazmunan koʻradi.