Ushbu Kodeksning 21 va 22-moddalarida koʻrsatilgan holatlar mavjud boʻlsa, sudya, prokuror, ekspert, mutaxassis, tarjimon, sud majlisi kotibi oʻzini oʻzi rad qilish haqida arz qilishi shart. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ham shu asoslarga koʻra ularni rad qilish haqida arz qilishi mumkin. Prokurorni, ekspertni, mutaxassisni, tarjimonni, sud majlisi kotibini rad qilish sudning tashabbusiga koʻra ham koʻrib chiqilishi mumkin. Rad qilish haqidagi arz asoslantirilgan boʻlishi va ishni mazmunan koʻrish boshlanguniga qadar maʼlum qilinishi lozim. Rad qilish asosi sudga yoki rad qilinayotgan shaxsga ishni koʻrish boshlanganidan soʻng maʼlum boʻlib qolgan hollardagina rad qilish haqida kechikib arz qilishga yoʻl qoʻyiladi. Ayni bir shaxs tomonidan ayni bir asoslar boʻyicha takroran rad qilish arz qilinishi mumkin emas. Takroran rad qilish arz qilingan taqdirda, u koʻrib chiqilmaydi.