Fuqarolik protsessual kodeksi 26-modda. Ishlarning sudga taalluqliligi

Fuqarolik ishlari boʻyicha sudga quyidagi ishlar taalluqlidir: 1) fuqarolik, oila, mehnat, uy-joy, yer toʻgʻrisidagi va boshqa munosabatlardan yuzaga keladigan nizolar boʻyicha ishlar, agar taraflardan hech boʻlmaganda bittasi fuqaro boʻlsa, bundan qonunda shunday nizolarni hal qilish boshqa sudlarga yoki boshqa organlarga topshiriladigan hollar mustasno; 2) ushbu Kodeksning 293-moddasida sanab oʻtilgan alohida tartibda yuritiladigan ishlar; 3) ushbu Kodeksning 18-bobida koʻrsatilgan va buyruq tartibida hal etiladigan ishlar; 4) hakamlik sudlarining hal qiluv qarorlari yuzasidan nizolashish toʻgʻrisidagi va hakamlik sudlarining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish haqidagi ishlar; 4¹ ) mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ishlar; 5) chet davlat sudlarining hamda chet davlat hakamlik sudlarining (arbitrajlarining) hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi ishlar; 6) korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarining maʼmuriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan yuzaga kelmaydigan qarorlari hamda ular mansabdor shaxslarining shunday harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish toʻgʻrisidagi ishlar. Sudlarga qonun bilan ularning vakolatiga kiritilgan boshqa ishlar ham taalluqlidir.