Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarining qarorlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi ushbu Kodeksning 189-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlishi kerak. Daʼvo arizasida quyidagilar ham koʻrsatilishi kerak: 1) nizolashilayotgan qarorni qabul qilgan korxona, muassasa, tashkilot, jamoat birlashmasining nomi yoki nizolashilayotgan harakatlarni (harakatsizlikni) sodir etgan mansabdor shaxsning familiyasi va ism-sharifining bosh harflari; 2) nizolashilayotgan qarorning nomi, raqami, qabul qilingan sanasi, nizolashilayotgan harakatlar (harakatsizlik) sodir etilgan sana va joy; 3) daʼvogarning fikriga koʻra, nizolashilayotgan qaror, harakatlar (harakatsizlik) tufayli buzilayotgan oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; 4) daʼvogarning fikriga koʻra, nizolashilayotgan qaror, harakatlar (harakatsizlik) qaysi qonunchilikka zid boʻlsa, oʻsha qonunchilik; 5) daʼvogarning qarorni haqiqiy emas, harakatlarni (harakatsizlikni) qonunga xilof deb topish toʻgʻrisidagi talabi. Daʼvo arizasiga ushbu Kodeksning 191-moddasida koʻrsatilgan hujjatlar, shuningdek nizolashilayotgan qarorning matni ilova qilinadi.