Fuqarolik protsessual kodeksi 275-modda. Sudning xususiy ajrimi

Ishni koʻrish chogʻida davlat organining yoki boshqa organning, tashkilotning, mansabdor shaxsning yoki fuqaroning faoliyatida qonunchilik hujjatlari buzilganligi aniqlangan taqdirda, ularning ishda ishtirokidan qatʼi nazar, sud xususiy ajrim chiqarishga haqlidir. Xususiy ajrim bilan sud tegishli organdan yoki mansabdor shaxsdan qonunchilik hujjatlarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi masalani oʻzlarining vakolatiga muvofiq koʻrib chiqishni talab qilishi mumkin. Xususiy ajrim tegishli davlat organlariga va boshqa organlarga, tashkilotlarga, mansabdor shaxslarga yuboriladi, ular koʻrilgan choralar toʻgʻrisida bir oylik muddatda sudga xabar qilishi shart. Sudning xususiy ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin. Agar sud ishni koʻrayotganida shaxslarning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlarini aniqlasa, u jinoyat ishini qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal etish uchun bu haqda prokurorga tegishli materiallarni ilova qilgan holda xabar qiladi.