Fuqarolik protsessual kodeksi 279-4-modda. Ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqishning oʻziga xos xususiyatlari

Arizani ish yuritishga qabul qilish va ish qoʻzgʻatish toʻgʻrisida sud ajrim chiqaradi, ajrimda ish soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrilishini hamda ish koʻrib chiqiladigan sanani koʻrsatadi. Sud arizani ish yuritishga qabul qilish va ish qoʻzgʻatish haqidagi ajrimda javobgarga daʼvo arizasiga doir yozma fikrini hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar taqdim etishi zarurligini koʻrsatadi. Sud ajrim bilan bir vaqtda javobgarga daʼvo arizasining (arizaning) koʻchirma nusxasini va unga ilova qilingan hujjatlarning koʻchirma nusxalarini darhol pochta orqali yoki elektron hujjat tarzida axborot tizimi orqali yuboradi. Javobgar daʼvo arizasiga doir yozma fikrini sudga oʻzi asoslanayotgan hujjatlar va dalillarni ilova qilgan holda taqdim etishga haqli. Yozma fikrga uning koʻchirma nusxasi daʼvogarga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi. Daʼvo arizasiga doir yozma fikr javobgar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan imzolangan yozma fikrga uning vakolatlarini tasdiqlovchi ishonchnoma yoki boshqa hujjat ilova qilinadi. Javobgar tomonidan daʼvo arizasiga doir yozma fikr taqdim etilmaganligi daʼvo arizasini soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilmaydi. Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqilayotgan ish arizani ish yuritishga qabul qilish va ish qoʻzgʻatish haqida ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran yigirma kundan oshmagan muddatda sudya tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi. Ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqish muddati uzaytirilmaydi. Sud soddalashtirilgan ish yuritish tartibidagi ishni sud muhokamasini oʻtkazmasdan, taraflarni chaqirtirmasdan va ularning tushuntirishlarini eshitmasdan koʻrib chiqadi. Sud taraflar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda bayon qilingan tushuntirishlarni, eʼtirozlarni va (yoki) vajlarni tekshiradi, dalillar bilan tanishadi hamda hal qiluv qarorini qabul qiladi.