Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqilgan ish boʻyicha hal qiluv qarori ushbu Kodeksning 23-bobida nazarda tutilgan umumiy qoidalarga koʻra, mazkur bobda belgilangan oʻziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda sud tomonidan qabul qilinadi. Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqilgan ish boʻyicha hal qiluv qarori, agar apellyatsiya shikoyati (protesti) berilmagan boʻlsa, qabul qilinganidan keyin oʻn kun oʻtgach qonuniy kuchga kiradi. Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqilgan ish boʻyicha hal qiluv qarori sud tomonidan ushbu Kodeks V boʻlimining qoidalariga koʻra beriladigan ijro varaqasi asosida ijro etilishi lozim. Apellyatsiya shikoyati (protesti) berilgan taqdirda hal qiluv qarori, agar u bekor qilinmagan boʻlsa, apellyatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi. Soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqilgan ish boʻyicha hal qiluv qarori ushbu Kodeksning IV boʻlimida nazarda tutilgan qoidalarga asosan apellyatsiya va kassatsiya tartibida, shu jumladan kassatsiya instansiyasi sudida takroran, shuningdek yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrib chiqilishi mumkin.