Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud majlisining bayonnomasi bilan tanishib chiqishga va unda yoʻl qoʻyilgan xatoliklarni yoki uning toʻliq emasligini u imzolangan kundan eʼtiboran besh kun ichida koʻrsatib, bayonnoma yuzasidan yozma ravishda fikr-mulohazalar bildirishga haqli. Bayonnomaga doir berilgan fikr-mulohazalarni raislik qiluvchi koʻrib chiqadi va u ushbu fikrlarga qoʻshilgan taqdirda, bu fikr-mulohazalarning toʻgʻriligini tasdiqlaydi hamda ularni sud majlisining bayonnomasiga qoʻshib qoʻyadi. Raislik qiluvchi berilgan fikr-mulohazalarga qoʻshilmasa, ular sud majlisida koʻrib chiqiladi. Berilgan fikr-mulohazalar barcha hollarda ham ishga qoʻshib qoʻyilishi kerak. Bayonnomaga doir fikr-mulohazalar ular topshirilgan kundan eʼtiboran yetti kun ichida ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilgan holda koʻrib chiqilishi kerak. Biroq, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning kelmaganligi bayonnoma yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalar toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilmaydi. Sud protsessi ishtirokchilari sud majlisining audio- yoki videoyozuvi bilan tanishish huquqiga ega. Sud majlisining audio- yoki videoyozuvlari koʻchirma nusxasi sud protsessi ishtirokchilariga ishni koʻrgan sudning ruxsati bilan beriladi.