Fuqarolik protsessual kodeksi 295-modda. Sud tomonidan koʻrib chiqiladigan, yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash toʻgʻrisidagi ishlar

Sud fuqarolarning yoki tashkilotlarning shaxsiy, mulkiy huquqlari yuzaga kelishiga, oʻzgarishiga yoki tugashiga sabab boʻladigan faktlarni aniqlaydi. Sud: 1) shaxslarning qarindoshlik aloqalari; 2) shaxs birovning qaramogʻida ekanligi; 3) otalikni tan olish (belgilash), bolaning u yoki bu onadan tugʻilganligi, shuningdek tugʻilgan vaqti; 4) farzandlikka olishni, nikohni, nikohdan ajratishni va oʻlimni qayd etilganligi; 5) er-xotindan biri vafot etganligi oqibatida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida nikohni roʻyxatdan oʻtkazish mumkin boʻlmay qolsa, qonunda belgilangan hollarda ularning haqiqatda nikoh munosabatlarida boʻlganligi; 6) shaxsning huquqini belgilovchi hujjatlarda (bundan jamoat birlashmalariga aʼzolik biletlari, harbiy hujjatlar, pasportlar yoki identifikatsiyalovchi ID-kartalar, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlari beradigan guvohnomalar mustasno) koʻrsatilgan familiyasi, ismi yoki otasining ismi uning pasportidagi yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasidagi yoxud tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasidagi familiyasi, ismi yoki otasining ismi bilan mos kelmagan taqdirda, mazkur hujjatlarning unga tegishliligi yoxud tegishli emasligi; 7) baxtsiz hodisa; 8) imoratga xususiy mulk huquqi asosida egalik qilish; 9) merosni qabul qilish va merosning ochilish joyi faktlarini aniqlash toʻgʻrisidagi ishlarni koʻradi. Agar qonunchilikda ularni belgilashning boshqacha tartibi nazarda tutilmagan boʻlsa, sud yuridik ahamiyatga ega boʻlgan boshqa faktlarni ham belgilashi mumkin. Arizachi yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni tasdiqlaydigan zarur hujjatlarni boshqacha tartibda olishi mumkin boʻlmagan yoxud yoʻqotilgan hujjatlarni tiklashning imkoni boʻlmagan taqdirdagina sud ushbu faktlarni aniqlaydi.