Fuqaroni bedarak yoʻqolgan deb topish yoki vafot etgan deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi ariza manfaatdor shaxs tomondan bedarak yoʻqolgan fuqaroning oxirgi maʼlum boʻlgan yashash joyidagi sudga beriladi. Sud fuqaroni bedarak yoʻqolgan deb topish yoki vafot etgan deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqishga qonunchilikda belgilangan muddatlar oʻtganidan soʻng kirishadi. Arizada fuqaroni bedarak yoʻqolgan deb topish yoki uni vafot etgan deb eʼlon qilish arizachiga qanday maqsadlar uchun zarur ekanligi koʻrsatilishi, shuningdek fuqaroning bedarak yoʻqolganligini tasdiqlaydigan yoxud bedarak yoʻqolgan shaxsga oʻlim xavfini solgan yoki u muayyan baxtsiz voqea tufayli halok boʻlgan deb taxmin qilishga asos boʻladigan holatlar bayon qilinishi kerak.