Fuqarolik protsessual kodeksi 31-modda. Sudning oʻz ish yuritishiga qabul qilib olgan ishni boshqa sudga oʻtkazishi

Sud sudlovga tegishlilik qoidalariga rioya qilgan holda oʻzining ish yuritishiga qabul qilib olgan ishni, garchi keyinchalik bu ish boshqa sudning sudloviga tegishli boʻlib qolsa ham, mazmunan hal qilishi kerak. Sud quyidagi hollarda ishni koʻrish uchun boshqa sudga oʻtkazadi: 1) mazkur ish boshqa sudda, xususan dalillarning koʻpchilik qismi joylashgan yerdagi sudda oʻz vaqtida va har tomonlama koʻrib chiqiladi deb hisoblasa; 2) bir yoki bir nechta sudya rad qilinganidan soʻng bu sudda ularni almashtirish imkoni boʻlmasa; 3) ish mazkur sudda koʻrilayotganda, u sudlovga tegishlilik qoidalari buzilgan holda ish yuritishga qabul qilinganligi maʼlum boʻlib qolsa.