Fuqarolik protsessual kodeksi 340-modda. Yoʻqolgan sud ishini yuritishni tiklash

Yoʻqolgan sud ishini yuritish sud tomonidan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, prokurorning arizasiga binoan, shuningdek sudning tashabbusiga koʻra tiklanishi mumkin. Yoʻqolgan sud ishini yuritish toʻliq yoki uning sud fikriga koʻra tiklanishi zarur boʻlgan qismi tiklanadi. Sudning hal qiluv qarori yoki ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrimi, agar ular ish yuzasidan chiqarilgan boʻlsa, tiklanishi shart. Arizachi yoʻqolgan sud ishini yuritishni tiklash toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishda sud tomonidan qilingan sud xarajatlarini toʻlashdan ozod etiladi. Bila turib yolgʻon ariza berilganda sud xarajatlari arizachidan undirib olinadi.