Fuqarolik protsessual kodeksi 356-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish tartibi

Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza ushbu Kodeksda nazarda tutilgan qoidalarga binoan sudya tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi. Sudya ishni hakamlik muhokamasi tarafining iltimosnomasiga binoan ijro varaqasi soʻralayotgan ish materiallarini hakamlik sudidan ushbu Kodeksda dalillarni talab qilib olish uchun nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha talab qilib olishi mumkin. Fuqarolik ishlari boʻyicha sud hakamlik muhokamasi taraflarini sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qiladi. Sud majlisining vaqti va joyi haqida zarur tarzda xabardor qilingan mazkur shaxslarning kelmaganligi ishni koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi. Sud ishni sud majlisida koʻrib chiqayotganda hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishni rad etish uchun ushbu Kodeksning 357-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjudligini yoki mavjud emasligini bildirilgan talablar va eʼtirozlarni asoslash uchun fuqarolik ishlari boʻyicha sudga taqdim etilgan dalillarni tekshirish yoʻli bilan aniqlaydi. Fuqarolik ishlari boʻyicha sud ishni sud majlisida koʻrib chiqayotganda hakamlik sudi aniqlagan holatlarni tekshirishga yoxud hakamlik sudining hal qiluv qarorini mazmunan qayta koʻrib chiqishga haqli emas. Agar hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza ushbu Kodeks 349-moddasining uchinchi qismida koʻrsatilgan fuqarolik ishlari boʻyicha sudning ish yurituvida boʻlsa, mazkur hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ariza koʻrib chiqilayotgan sud hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqishni qarzdorning iltimosnomasiga binoan keyinga qoldirishi mumkin.