Mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha sud ushbu Kodeksda hal qiluv qarorini qabul qilish uchun nazarda tutilgan qoidalarga koʻra ajrim chiqaradi. Sudning mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi yoki mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimida quyidagilar ham koʻrsatilishi kerak: 1) mediativ kelishuv tuzgan taraflarning familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi); 2) mediativ kelishuv toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; 3) mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish yoki ijro varaqasi berishni rad etish uchun koʻrsatma. Sudning mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ajrimi darhol ijro etilishi lozim. Sudning ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin.