Fuqarolik protsessual kodeksi 364-modda. Chet davlat sudlarining va chet davlat hakamlik sudlarining (arbitrajlarining) hal qiluv qarorlarini tan olish hamda ijroga qaratish

Chet davlat sudlarining va chet davlat hakamlik sudlarining (arbitrajlarining) hal qiluv qarorlari, agar bu Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan boʻlsa, tan olinadi hamda ijroga qaratiladi. Chet davlat sudlarining fuqarolik ishlari yuzasidan hal qiluv qarorlari, jinoyat ishlari boʻyicha chiqarilgan hukmlarining jinoyat oqibatida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashga oid qismi, shuningdek chet davlat hakamlik sudlarining (arbitrajlarining) fuqarolik nizolari boʻyicha chiqargan hal qiluv qarorlari Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik ishlari boʻyicha sudlari tomonidan tan olinishi hamda ijroga qaratilishi mumkin. Chet davlat sudlarining yoki chet davlat hakamlik sudlarining (arbitrajlarining) hal qiluv qarori, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, u qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran uch yil muddat ichida majburiy ijroga qaratilishi mumkin.