Fuqarolik protsessual kodeksi 407-5-modda. Kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish

Ushbu Kodeksda belgilangan shakl va mazmun talablariga rioya qilingan holda berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) kassatsiya instansiyasi sudining ish yurituviga qabul qilinadi. Kassatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimda kassatsiya shikoyatini (protestini) koʻrib chiqish uchun sud majlisini oʻtkazish vaqti va joyi koʻrsatiladi. Kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxs, shuningdek ishda ishtirok etuvchi shaxslar ishni kassatsiya instansiyasida koʻrish vaqti va joyi haqida xabardor qilinadi. Ish muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida belgilangan tartibda xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi ishning kassatsiya tartibida koʻrilishiga toʻsqinlik qilmaydi.