Fuqarolik protsessual kodeksi 419-16-modda. Taftish tartibidagi shikoyatni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining taftish tartibidagi shikoyatni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimida quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) ajrim chiqarilgan sana va joy; 2) ajrim chiqargan sudyaning familiyasi va ismi-sharifining bosh harflari; 3) taftish tartibida shikoyat bergan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi); 4) ustidan shikoyat qilinayotgan sud hujjatlari; 5) sud hujjatlari qabul qilingan ish mazmunining qisqacha bayoni; 6) taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish sabablari. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi yoki uning oʻrinbosari sudyaning taftish tartibidagi shikoyatini koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimini taftish tartibida shikoyat bergan shaxsning arizasiga koʻra bekor qilishga va ishni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazishga haqli. Taftish tartibidagi shikoyatni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimni bekor qilish haqidagi ariza sud hujjati ustidan taftish tartibida shikoyat qilish uchun belgilangan muddat doirasida berilishi mumkin. Ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan muddat oʻtgandan keyin berilgan ariza koʻrib chiqilmaydi.