Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish va koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish haqidagi ajrimda quyidagilar koʻrsatilishi kerak: 1) ajrim chiqarilgan sana va joy; 2) ajrim chiqargan sudyaning familiyasi, ismi-sharifining bosh harflari; 3) shikoyat bergan (protest keltirgan) shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi); 4) ustidan shikoyat qilinayotgan (protest keltirilayotgan) sud hujjatlari; 5) sud hujjatlari qabul qilingan ish mazmunining qisqacha bayoni; 6) shikoyatni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish sabablari va asoslari; 7) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan ish koʻriladigan vaqt va joy. Taftish tartibidagi protest kelib tushgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi uni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi oʻzi chiqargan ajrim bilan birga taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazadi.