Fuqarolik protsessual kodeksi 419-25-modda. Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) koʻrish muddatlari

Taftish tartibidagi shikoyat (protest) Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran bir oydan ortiq boʻlmagan muddatda koʻrib chiqiladi. Taftish tartibidagi shikoyat (protest) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan u koʻrib chiqish uchun oʻtkazilgan kundan eʼtiboran bir oydan oshmagan muddatda koʻrib chiqiladi. Alohida hollarda taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) koʻrib chiqish muddati ishni koʻrayotgan sudlov hayʼati tomonidan koʻpi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin. Taftish tartibidagi protest Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosati tomonidan u Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatiga kelib tushgan kundan eʼtiboran ikki oydan oshmagan muddatda koʻrib chiqiladi.